26-iyun – Xalıqaralıq náshebentlikke qarsı gúresiw kúni
- 26.06.2026
- 0
Sog‘lom turmush tarzi – inson salomatligini asrash, uzoq va baxtli yashashga xizmat qiladigan muhim omildir. Har bir inson sog‘lom bo‘lishi uchun to‘g‘ri ovqatlanishi, sport bilan shug‘ullanishi va zararli odatlardan, giyohvand moddalardan va ichkilikdan uzoq bo‘lishi kerak. Ayniqsa, yoshlar o‘z vaqtida ilm olsa, dam olsa, foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullansa, kelajakda ham jismonan, ham ruhan sog‘lom bo‘lib voyaga yetadi.
Bugungi kunda insoniyat taraqqiyotning yangi cho‘qqilarini egallamoqda. Lekin dunyoda xalqlar, millatlar kelajagiga tahdid soluvchi bir qancha omillar hamon saqlanib qolmoqda. Ana shunday xavflardan biri ichkilikbozlik va giyohvandlikdir. Bu illat hozir butun dunyo muammosiga aylangan.
Giyohvand moddalar va spirtli ichimliklarni iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazish bilan bir qatorda, oilaviy muhitning buzilishiga, mehnat unumdorligining pasayishiga, huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining ko‘payishiga ham sabab bo‘lmoqda. Ichkilikbozlik va giyohvandlik oqibatida inson organizmida yurak-qon tomir kasalliklari, asab tizimi kasalliklari va boshqa og‘ir xastaliklar kelib chiqishi mumkin. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bu illatning oldini olish davlat va jamoat tashkilotlari oldidagi muhim vazifalardan biridir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi narkobiznesda aylanayotgan pul mablag‘i dunyo aholisining oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, ta’lim tizimi va tibbiy xizmatga sarflayotgan xarajatlaridan ancha ko‘pligi kishini hayratga soladi.
Respublikamizdagi barcha tibbiyot xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, alkogol va narkotik moddalarning zararli oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha tizimli ravishda ishlar amalga oshirilmoqda. Mahallalar, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, aholiga sog‘lom turmush tarzining afzalliklari keng tushuntirib kelinmoqda.
Shu bilan birga, ichkilikbozlik, giyohvandlikka ruju qo‘ygan fuqarolarni erta aniqlash, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va zarur hollarda mutaxassislar nazoratiga olish ishlari ham olib borilmoqda. Muammoning samarali yechimiga erishish uchun tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilikning o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish talab etiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat!
RQRSIAMONXB QR filiali direktori A.D.Esboganova